Ministry of Foreign Affairs of the Republic of Uzbekistan

06/22/2026 | Press release | Distributed by Public on 06/22/2026 09:53

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining Singapur Respublikasiga tashrifiga oid

2026-yil 22-iyun kuni O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiyaning Singapur Respublikasiga tashrifi doirasida qator yuqori darajadagi uchrashuv va tadbirlar bo'lib o'tdi.

Jumladan, "Temasek Holdings" bosh ijrochi direktori Dilxan Pillay Sandrasegara bilan uchrashuvda kompaniyaning jahon investitsiya bozorlaridagi katta tajribasi va uzoq muddatli rivojlanishga yo'naltirilgan yondashuvi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar bilan hamohang ekani qayd etildi. Shuningdek, qator yo'nalishlarda amaliy hamkorlik salohiyati yuzasidan fikr almashildi.

Singapurning barqaror rivojlanish va atrof-muhit vaziri Greys Fu bilan muzokaralarda iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish, "yashil" iqtisodiyot va suv resurslarini samarali boshqarish sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Singapurning ekologik barqarorlikni ta'minlash va innovatsion yondashuvlarni joriy etish borasidagi ilg'or tajribasi alohida qayd etildi.

Tashrif davomida O'zbekiston TIV rahbari Singapur Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vivian Balakrishnan bilan uchrashdi. Muloqot davomida O'zbekiston va Singapur o'rtasidagi munosabatlar o'zaro hurmat, ishonch va manfaatlar mushtarakligi asosida izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, qo'shma loyihalarni ko'paytirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, oliy darajadagi muloqotlarni davom ettirish, 2027-yildagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligiga tayyorgarlik va dolzarb xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, Singapur Respublikasi Bosh vaziri Lourens Vong bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklari yetkazildi. Tomonlar iqtisodiy taraqqiyot, innovatsiyalar va inson kapitalini rivojlantirish sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Ta'lim, raqamli transformatsiya va moliya yo'nalishlaridagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor qaratdi.

TIV rahbari Singapur biznes federatsiyasida mamlakatning yetakchi ishbilarmon doiralari va yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirokida davra suhbati o'tkazdi. Tadbirda "Wilmar International", "Indorama Corporation", "Singapore Technologies Engineering", "Meta", "Franklin Templeton", "StoneX", "Meinhardt", "Quest Ventures", "Investbanq", "Global Finance & Technology Network", "TASCA" hamda boshqa kompaniyalar vakillari qatnashdi. Uchrashuv davomida sun'iy intellekt, venchur investitsiyalari, ma'lumotlarni qayta ishlash markazlari, "aqlli shaharlar", raqamli infratuzilma va ta'lim sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Singapur ishbilarmon doiralari O'zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, qulay investitsiya muhitini yaratish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va ilg'or texnologiyalarni joriy etish borasidagi sa'y-harakatlarni yuksak baholadi.

Ministry of Foreign Affairs of the Republic of Uzbekistan published this content on June 22, 2026, and is solely responsible for the information contained herein. Distributed via Public Technologies (PUBT), unedited and unaltered, on June 22, 2026 at 15:53 UTC. If you believe the information included in the content is inaccurate or outdated and requires editing or removal, please contact us at [email protected]