IFC - International Finance Corporation

07/06/2026 | Press release | Distributed by Public on 07/06/2026 01:16

Jahon banki guruhi Oʻzbekistonga qoʻshimcha xususiy investitsiyalarni jalb qilish va 300 mingdan ortiq ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha chora-tadbirlarni tavsiya etmoqda

Toshkent, Oʻzbekiston, 2026-yil 6-iyul - Oʻzbekiston katta hajmdagi xususiy investitsiyalarni jalb qilishi, koʻproq sifatli ish oʻrinlarini yaratishi va xususiy sektor yetakchi rol oʻynaydigan yanada raqobatbardosh iqtisodiyot modeliga oʻtishni tezlashtirishi mumkin. Bunga, jumladan, logistika, turizm va farmatsevtika sohalarini isloh qilish orqali erishish mumkin.

Jahon banki guruhi (JBG) tomonidan eʻlon qilingan "Oʻzbekiston xususiy sektori diagnostikasi" nomli yangi tahliliy hisobotda davlat tomonidan joriy etilishi mumkin boʻlgan aniq choralar orqali xususiy investorlar uchun iqtisodiy jihatdan jozibador shart-sharoitlarni yaratishi mumkin boʻlgan logistika, turizm va farmatsevtika kabi uchta sektor ajratib koʻrsatilgan.

Ushbu yoʻnalishlar xususiy kapitalni jalb qilish va ish oʻrinlarini yaratish salohiyati hamda qisqa muddatli istiqbolda islohotlarni amalga oshirish imkoniyatlarini hisobga olgan holda tanlangan. Hisobotda qayd etilishicha, ushbu islohotlarning amalga oshirilishi Oʻzbekistonga oʻrta muddatli istiqbolda 5,2 milliard dollardan 6,4 milliard dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilish va 300 mingdan ortiq bevosita va bilvosita ish oʻrinlarini yaratishga yordam berishi mumkin.

2017-yilda bozor islohotlari boshlanganidan buyon mamlakat ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va aholi daromadlarini oshirish orqali milliy iqtisodiyotni oʻzgartirishga muvaffaq boʻldi. Ushbu muvaffaqiyatlarga tayangan holda, "Oʻzbekiston - 2030" strategiyasi kelgusidagi iqtisodiy oʻsishni belgilab beradi. JBG hisoboti xulosalariga koʻra, ushbu dinamikani saqlab qolish uchun alohida tarmoqlar darajasida qoʻshimcha saʻy-harakatlar talab etiladi. Bular raqobat uchun toʻsiqlarni bartaraf etish, xodimlarning kasbiy koʻnikmalari yetishmovchiligini bartaraf etish hamda xususiy investitsiyalar oqimini hamon toʻxtatib turgan infratuzilma va tartibga solish muammolarini hal etishni oʻz ichiga oladi.

"Oʻzbekiston mahalliy korxonalarning oʻsishi, raqobatlashishi va innovatsiyalarni joriy etishi uchun sharoit yaratish orqali koʻproq xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun katta imkoniyatlarga ega", - deya taʻkidladi Xalqaro moliya korporatsiyasining (IFC) Turkiya, Qozogʻiston va Oʻzbekiston boʻyicha direktori Liza Kestner. "Yuqori oʻsish salohiyatiga ega tarmoqlarda manzilli islohotlar kapitalni jalb qilish, mahalliy korxonalarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va koʻproq sifatli ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qilishi mumkin".

Hisobotda taʻkidlanganidek, logistika sohasida avtomobilda yuk tashish va ombor xoʻjaligi Oʻzbekistonga xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun katta salohiyatga ega. Bundan tashqari, ushbu segmentlarni rivojlantirish mamlakatning mintaqaviy savdo va tranzit markazi, jumladan, Transkaspiy transport yoʻlagi ("Oʻrta yoʻlak") doirasidagi oʻrnini mustahkamlashga yordam beradi.

Xususan, yer uchastkalarini ajratish va alohida infratuzilma obyektlarini qurish uchun ruxsatnomalar olish tartib-taomillarini soddalashtirish, shuningdek, xalqaro yuk tashish ruxsatnomalaridan yanada shaffof raqamli foydalanishni taʻminlash boʻyicha islohotlarni amalga oshirish sohaga qoʻshimcha xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun sharoit yaratishi mumkin. Jumladan, ularning ehtimoliy hajmi 950 mln - 1,05 mlrd dollar darajasida baholanmoqda. Ushbu chora-tadbirlar, shuningdek, 108 mingtagacha bevosita va bilvosita ish oʻrinlarini yaratishga yordam berishi mumkin.

Hisobotda qayd etilganidek, Oʻzbekiston turizm sohasi madaniy va ekologik turizmni rivojlantirish uchun hali foydalanilmagan katta salohiyatga ega. Xususan, yer ijarasi, turizm sohasi xodimlarining kadrlar salohiyatini rivojlantirish va turizm obyektlarini professional boshqarish mexanizmlari boʻyicha qonunchilik islohotlari sohaga qoʻshimcha ravishda 3,1 mlrd dollardan 4,2 mlrd dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilishi mumkin.

Ushbu chora-tadbirlar, shuningdek, 180 mingga yaqin ish oʻrinlarini yaratishga yordam berishi mumkin. Bundan tashqari, ular Oʻzbekistonga anʻanaviy yoʻnalishlardan chiqib, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega bozor segmentlariga oʻtish orqali xorijiy sayyohlar oqimini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.

Mamlakat farmatsevtika sohasida analog dori vositalari (jeneriklar) va biologik faol qoʻshimchalar (BFQ) ishlab chiqarish segmenti xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun katta salohiyatga ega. Bu ushbu turdagi mahsulotlarga ichki va mintaqaviy talabning ortib borayotgani bilan bogʻliq.

Oʻzbekiston farmatsevtika sohasini rivojlantirishdagi sezilarli yutuqlarga tayanib, hisobotda dori vositalarining bioekvivalentligini oʻrganish uchun akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarni tashkil etish (analog dori vositasi asl dori vositasi kabi taʻsir qilishini tasdiqlash), farmatsevtika korxonalarida ishlab chiqarish amaliyotini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, faol farmatsevtik ingredientlar boʻyicha hujjatlarni takomillashtirish, dori vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish va ishlab chiqarishni tasdiqlash jarayonlarini soddalashtirish tavsiya etiladi.

Manzilli islohotlar oʻrta muddatli istiqbolda sohaga qoʻshimcha 188 million dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilish va 20 mingtagacha toʻgʻridan-toʻgʻri va bilvosita ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi. Bu Oʻzbekistonning farmatsevtika mahsulotlarining raqobatbardosh mintaqaviy ishlab chiqaruvchisi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga yordam beradi.

"Oʻzbekiston iqtisodiy transformatsiyasining keyingi bosqichi xususiy sektor salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish uchun bozor islohotlarini davom ettirishni talab qiladi," - dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin. "Raqobatni kuchaytirish va biznesni rivojlantirish uchun toʻsiqlarni bartaraf etish investitsiyalarni jalb qilish, ilgʻor xalqaro tajribalarni joriy etish orqali unumdorlikni oshirish va zamonaviy iqtisodiyot uchun zarur boʻlgan malakali ishchi kuchini rivojlantirishga yordam beradi".

IFC - International Finance Corporation published this content on July 06, 2026, and is solely responsible for the information contained herein. Distributed via Public Technologies (PUBT), unedited and unaltered, on July 06, 2026 at 07:16 UTC. If you believe the information included in the content is inaccurate or outdated and requires editing or removal, please contact us at [email protected]