09/18/2026 | Press release | Distributed by Public on 09/18/2026 08:47
2026-yil 17-18 sentyabr kunlari O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Yaponiyaning Tokio shahriga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida TIV rahbari Yaponiyaning taniqli siyosatchisi, Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi vitse-prezidenti, O'zbekiston-Yaponiya parlamentlararo do'stlik ligasi raisi Taro Aso bilan uchrashdi. Unda O'zbekiston-Yaponiya strategik sherikligini yanada mustahkamlash, parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni to'liq amalga oshirishda parlament diplomatiyasining muhim o'rni qayd etildi.
Shuningdek, Yaponiyaning neft, gaz va metallar sohasidagi strategik resurslar xavfsizligini ta'minlashga ixtisoslashgan "JOGMEC" korporatsiyasi raisi va bosh ijrochi direktori Ichiro Takahara bilan uchrashuv o'tkazildi. Muzokaralarda O'zbekistonda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, muhim minerallarni o'zlashtirish va ushbu sohalarga ilg'or yapon texnologiyalarini jalb qilish masalalari ko'rib chiqildi. Mineral xomashyoni boyitish va qayta ishlash, metallurgiya mahsulotlari sifatini oshirish, kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirildi.
Tashrif doirasida Yaponiyaning xorijiy kadrlarni tayyorlash, tanlash va ishga joylashtirishga ixtisoslashgan "Onodera User Run" kompaniyasi prezidenti Jun Kato bilan ham uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston fuqarolarini Yaponiyada ish bilan ta'minlash bo'yicha kompaniya loyihalarini qo'llab-quvvatlash, O'zbekistonning boshqa hududlarida yangi ta'lim markazlarini tashkil etish va yoshlarni kasbiy tayyorlash ko'lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Kadrlar tayyorlash, bandlik va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni yangi loyihalar bilan boyitishga tayyorlik bildirildi.
Tokioda Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka bilan muzokaralar o'tkazildi. Unda 2030-yilgacha mo'ljallangan Hamkorlik dasturi doirasidagi loyihalarni jadallashtirish, sog'liqni saqlash, xususiy sektorni qo'llab-quvvatlash va ta'lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Yaponiya biznes federatsiyasi - "Keydanren" raisi Takeshi Xashimoto hamda Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari rahbar va vakillari bilan davra suhbati o'tkazildi. Unda "Mitsui O.S.K. Lines", "Sojitz", "All Nippon Airways", "Shimizu", "JETRO", "Sumitomo", "JBIC", "Toyo Engineering", "Toyota Tsusho", "Marubeni", "Mitsui", "Mitsubishi" va boshqa yirik yapon kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida O'zbekiston-Yaponiya iqtisodiy hamkorligini yanada kengaytirish, yapon kompaniyalarining mamlakatimizdagi faoliyatini qo'llab-quvvatlash va yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Energetika, transport va logistika, infratuzilma, qishloq xo'jaligi, to'qimachilik, raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi.
Tashrif doirasida O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Yaponiya tashqi ishlar vaziri Toshimitsu Motegi bilan O'zbekiston-Yaponiya tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi Strategik muloqotini o'tkazdi. Uchrashuv davomida ikki mamlakat o'rtasidagi kengaytirilgan strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, ikki tomonlama siyosiy muloqotni faollashtirish va oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, "Markaziy Osiyo + Yaponiya" formati doirasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro maydondagi hamkorlikni kengaytirish hamda dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot yakunida O'zbekiston va Yaponiya Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasida 2027-2028-yillarga mo'ljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi. Hamkorlik dasturi O'zbekiston-Yaponiya kengaytirilgan strategik sherikligini yangi mazmun bilan boyitish va oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishga xizmat qiladi.