08/15/2026 | Press release | Distributed by Public on 08/15/2026 03:54
2026-yil 14-avgust kuni O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Mirvohid Azimov Filippin Respublikasining O'zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Tehron shahrida) Roberto Manalo bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muloqot davomida O'zbekiston-Filippin hamkorligining holati va istiqbollari, siyosiy muloqotni mustahkamlash, shuningdek, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Filippin tomoni O'zbekiston bilan o'zaro manfaatli munosabatlarni izchil rivojlantirishdan manfaatdorligini tasdiqladi.
Tomonlar, qishloq xo'jaligi, kimyo va oziq-ovqat sanoati, turizm sohalarida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning salmoqli salohiyatini qayd etdi. Ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.
Turistik almashinuvlarni rivojlantirish va transport o'zaro bog'liqligini kuchaytirish imkoniyatlari ko'rib chiqildi. Xususan, O'zbekiston va Filippin o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovni yo'lga qo'yish hamda turizm sohasi vakillarining o'zaro tanishuv safarlarini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O'zbekiston-Filippin munosabatlarini yanada rivojlantirish va o'zaro manfaatli aniq loyihalarni amalga oshirish bo'yicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga o'zaro tayyorlik tasdiqlandi.