Central Bank of the Republic of Uzbekistan

09/22/2026 | Press release | Distributed by Public on 09/22/2026 03:52

IPAM Forum 2026: Toshkentda xalqaro zaxiralarni boshqarishning yangi yondashuvlari va global tendensiyalari muhokama qilindi

2026-yil 18-sentabr kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Xalqaro zaxiralarni boshqarish forumi - IPAM Forum 2026(International Public Assets Management Forum) o'tkazildi.

Forum xalqaro zaxiralar va davlat aktivlarini boshqarish sohasida faoliyat yurituvchi markaziy banklar, xalqaro moliya institutlari, yetakchi aktivlarni boshqaruvchi kompaniyalar, investitsiya banklari hamda xalqaro ekspertlarni bir maydonda jamladi. Toshkentda ilk bor tashkil etilgan mazkur forum global moliya bozorlarida yuz berayotgan tarkibiy o'zgarishlar sharoitida xalqaro zaxiralarni samarali boshqarish, investitsiya portfellarini diversifikatsiya qilish, risk va likvidlik o'rtasidagi muvozanatni ta'minlash hamda uzoq muddatli investitsiya strategiyalarini shakllantirish bo'yicha professional fikr va tajriba almashish maydoniga aylandi.

Forum xalqaro miqyosdagi keng ishtirokni birlashtirdi: IPAM Forum 2026da jami 250 nafar ishtirokchi qatnashdi. Shundan qariyb 80 nafar ishtirokchi 35 dan ortiq xalqaro tashkilot va xorijiy institutlarni namoyon etdi, qolgan ishtirokchilar esa O'zbekistonning tegishli davlat va moliya institutlari vakillaridan iborat bo'ldi.

Forumda ishtirok etgan aktivlarni boshqaruvchi tashkilotlarning jami boshqaruvdagi aktivlari qariyb 36 trln AQSH dollarini, forumda vakillari qatnashgan markaziy banklar va davlat institutlarining rasmiy xalqaro zaxiralari esa qariyb 3,4 trln AQSH dollarini tashkil etadi. Mazkur ko'rsatkichlar forum doirasidagi professional muloqotning ko'lami va unda xalqaro moliya tizimining yirik institutlari vakillari ishtirok etganini aks ettiradi.

Forumda Xalqaro valyuta jamg'armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro hisob-kitoblar banki, shuningdek, Shveytsariya, Singapur, Indoneziya, Gruziya va boshqa mamlakatlar markaziy banklari vakillari ishtirok etdi.

Shu bilan birga, global aktivlarni boshqarish va investitsiya xizmatlari sohasidagi yetakchi xalqaro kompaniyalar va moliya institutlari ekspertlarining ishtiroki muhokamalarga bozor amaliyoti va institutsional investorlar tajribasini olib kirish imkonini berdi.

Global o'zgarishlar sharoitida zaxiralarni qanday boshqarish kerak? Bugungi kunda xalqaro zaxiralarni boshqarish muhiti sezilarli darajada o'zgarib bormoqda. Global moliya bozorlaridagi yuqori o'zgaruvchanlik, foiz stavkalari dinamikasi, geosiyosiy va geoiqtisodiy noaniqliklar, xalqaro moliyaviy tizimdagi tarkibiy siljishlar hamda aktivlar o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikning o'zgarishi markaziy banklar va davlat investitsiya institutlari oldiga yangi vazifalarni qo'ymoqda.

Bunday sharoitda milliy boylikni asrash va undan samarali foydalanish investitsiya qarorlariga yanada kompleks yondashishni, portfel risklarini chuqur baholashni, aktivlarni strategik taqsimlash mexanizmlarini takomillashtirishni hamda o'zgarayotgan bozor sharoitlariga moslashuvchan strategiyalarni ishlab chiqishni talab etadi. IPAM Forum 2026 aynan ushbu masalalarni xalqaro tajriba va amaliy yondashuvlar asosida muhokama qilishga qaratildi.

Forum doirasida 5 ta panel sessiyasida 27 ta ekspert taqdimotlari tashkil etilib, ularda global moliya bozorlarining istiqbollari, xalqaro zaxiralarni boshqarishning zamonaviy yondashuvlari, strategik aktivlar taqsimoti, oltinning zaxira portfellaridagi o'rni hamda global moliyaviy tizim rivojlanishining istiqbolli yo'nalishlari muhokama qilindi.

Forumdagi professional muloqotlarning markazida xalqaro monetar va moliyaviy tizimdagi tarkibiy o'zgarishlar sharoitida barqaror, diversifikatsiyalangan va uzoq muddatli maqsadlarga mos investitsiya portfellarini shakllantirish masalasi bo'ldi.

Ekspertlar investitsiya portfelini shakllantirishda daromadlilikning o'zi emas, balki likvidlik, xavfsizlik, risklarni diversifikatsiya qilish va portfelning turli bozor sharoitlariga chidamliligini ta'minlash o'rtasidagi muvozanat muhimligini muhokama qildilar.

Shuningdek, strategik aktivlarni taqsimlash jarayonida an'anaviy yondashuvlarning o'zgarayotgan bozor sharoitlariga qanchalik mos kelishi, investitsiya instrumentlari doirasini kengaytirish imkoniyatlari hamda zamonaviy risklarni boshqarish mexanizmlariga alohida e'tibor qaratildi.

Muhokamalarning muhim yo'nalishlaridan yana biri oltinning xalqaro zaxiralar tarkibidagi o'zgarib borayotgan roli bo'ldi. Ishtirokchilar oltinning diversifikatsiya vositasi sifatidagi ahamiyati, uning turli bozor sikllaridagi xususiyatlari hamda umumiy investitsiya strategiyasidagi o'rnini professional nuqtayi nazardan muhokama qildilar.

Forum professional muloqot bilan birga amaliy hamkorlik maydoniga aylandi: IPAM Forum 2026 doirasida muhokamalar faqat panel sessiyalari bilan cheklanib qolmadi. Tadbir davomida O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki rahbariyati va vakillari tomonidan xalqaro hamkorlar bilan jami 20 ta ikki tomonlama uchrashuv o'tkazildi.

Uchrashuvlarda BlackRock, Goldman Sachs, Amundi, Natixis va PIMCO kabi yetakchi xalqaro aktivlarni boshqaruvchi tashkilotlar, shuningdek, Indoneziya va Singapur markaziy banklari, Jahon banki hamda Xalqaro hisob-kitoblar banki (BIS) vakillari bilan hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

Ikki tomonlama muloqotlar xalqaro zaxiralarni boshqarish, investitsiya jarayonlarini takomillashtirish, institutsional salohiyatni rivojlantirish va yetakchi xalqaro amaliyotlarni o'rganish uchun qo'shimcha imkoniyat yaratdi.

Oltita xalqaro hamkor bilan kelishuv va memorandumlar: Forumning muhim amaliy natijalaridan biri xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan hujjatlarning imzolanishi bo'ldi.

IPAM Forum 2026 doirasida Markaziy bank tomonidan 6 ta xalqaro hamkor bilan kelishuv va anglashuv memorandumlari tuzildi. Xususan, Jahon banki, Natixis, BlackRock, Goldman Sachs Asset Management, J.P. Morgan Asset Management va PIMCO bilan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Mazkur hamkorliklar zaxiralarni boshqarish bo'yicha xalqaro tajribani o'rganish va bilim almashish, investitsiya jarayonlarini yanada takomillashtirish hamda xalqaro moliya institutlari va yetakchi aktivlarni boshqaruvchi kompaniyalar bilan professional aloqalarni rivojlantirish uchun qo'shimcha asos yaratadi.

Mahalliy banklar uchun ham yangi xalqaro aloqalar: Forum O'zbekiston tijorat banklari va yetakchi xorijiy moliya institutlari o'rtasidagi to'g'ridan-to'g'ri professional aloqalarni rivojlantirish uchun ham muhim platforma bo'ldi.

Tadbir doirasida mahalliy tijorat banklari tomonidan 10 dan ortiq yetakchi xorijiy banklar va xalqaro moliya tashkilotlari vakillari bilan 20 dan ziyod uchrashuv tashkil etildi. Ushbu uchrashuvlarda valyuta va pul bozori operatsiyalari, likvidlikni boshqarish, xalqaro obligatsiyalar va hosilaviy moliyaviy instrumentlardan foydalanish, savdoni moliyalashtirish hamda elektron savdo platformalaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Bu esa IPAM Forum 2026ning nafaqat ekspertlar o'rtasidagi bilim almashish, balki O'zbekiston moliya bozori ishtirokchilari uchun yangi amaliy aloqalar va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini shakllantirgan platforma bo'lganini ko'rsatadi.

Toshkentda boshlangan muloqot davom etadi: IPAM Forum 2026 xalqaro zaxiralarni boshqarishning bugungi va kelajakdagi yondashuvlarini muhokama qilish, global tajribani o'rganish hamda xalqaro moliya institutlari, markaziy banklar va aktivlarni boshqaruvchi tashkilotlar o'rtasidagi professional aloqalarni rivojlantirish uchun yangi muloqot maydonini shakllantirdi.

Forum doirasida bildirilgan fikrlar va xalqaro tajriba zaxiralarni boshqarishda institutsional salohiyatni yanada rivojlantirish, investitsiya jarayonlarini takomillashtirish va o'zgaruvchan global moliyaviy muhitga mos yondashuvlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Toshkentda tashkil etilgan mazkur xalqaro muloqot O'zbekistonning global moliyaviy hamjamiyat bilan professional hamkorligini kengaytirish hamda xalqaro zaxiralarni boshqarish masalalari bo'yicha muntazam tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlarni yaratdi.

Central Bank of the Republic of Uzbekistan published this content on September 22, 2026, and is solely responsible for the information contained herein. Distributed via Public Technologies (PUBT), unedited and unaltered, on September 22, 2026 at 09:52 UTC. If you believe the information included in the content is inaccurate or outdated and requires editing or removal, please contact us at [email protected]