Ministry of Foreign Affairs of the Republic of Uzbekistan

05/13/2026 | Press release | Distributed by Public on 05/13/2026 09:08

O‘zbekiston-Hindiston siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi

2026-yil 13-may kuni Dehli shahrida O'zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 17-davrasi bo'lib o'tdi.

Muzokaralarda O'zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Bahromjon A'loyev, Hindiston tomoniga esa tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Sibi Jorj boshchilik qildi.

Do'stona va konstruktiv ruhda o'tgan uchrashuv davomida ikki mamlakat o'rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati atroflicha tahlil qilindi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama markazida bo'ldi.

Tomonlar turli yo'nalishlardagi aloqalar ko'lami izchil kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari, farmasevtika, tibbiyot, ta'lim, turizm va fuqarolik aviatsiyasi tarmoqlarida yuqori natijalarga erishilayotganiga to'xtalib o'tildi. Hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish uchun mavjud qulay imkoniyatlar haqida so'z yuritildi.

Muloqot davomida xalqaro maydondagi hamkorlik masalalariga ham e'tibor qaratildi. Xususan, ko'p tomonlama tuzilmalar va xalqaro platformalar doirasidagi aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish bo'yicha fikr almashildi.

Tomonlar o'zaro manfaatli investisiyaviy loyihalarni qo'llab-quvvatlash va iqtisodiy sheriklikni kengaytirishdan birdek manfaatdor ekanini tasdiqladi.

Ministry of Foreign Affairs of the Republic of Uzbekistan published this content on May 13, 2026, and is solely responsible for the information contained herein. Distributed via Public Technologies (PUBT), unedited and unaltered, on May 13, 2026 at 15:08 UTC. If you believe the information included in the content is inaccurate or outdated and requires editing or removal, please contact us at [email protected]