12/04/2025 | Press release | Distributed by Public on 12/05/2025 09:33
4-dekabr kuni O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Vena shahrida o'tkazilgan YXHT Vazirlar kengashining 32-yig'ilishida ishtirok etdi. Konstruktiv muloqot, mintaqaviy hamkorlik va yangilangan ko'p tomonlama tizimga sodiqlik yana bir bor tasdiqlandi. Xalqaro munosabatlarda chuqur bo'linishni yengib o'tish va o'zaro ishonchni tiklash zarurati alohida ta'kidlandi.
Geosiyosiy ziddiyatlar, qurolli mojarolar, kiber tahdidlar va iqlim bilan bog'liq ofatlar chegaralar osha tobora ortib borayotgan bir paytda, YXHT kabi xalqaro institutlar asosiy vazifalarini yanada samarali bajarishini kuchaytirishi lozim.
O'zbekiston tashkilotning samaradorligini oshirish, uning inklyuziv xarakterini saqlab qolish va bugungi chaqiriqlarga munosib javob berish qobiliyatini mustahkamlashga qaratilgan barcha sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoning o'zaro ishonch, muloqot va manfaatli hamkorlikka asoslangan mintaqaga aylanish yo'lidagi muvaffaqiyatli qadamlari alohida qayd etildi. So'nggi sakkiz yil ichida mintaqa davlatlarining birgalikdagi sa'y-harakatlari uzoq yillar davomida yechimi dolzarbligini yo'qotmagan masalalarning hal etilishiga, iqtisodiy integratsiyaning jadallashishiga va o'zaro bog'liqlikning kuchayishiga xizmat qildi.
Bundan tashqari, TIV rahbari tadbir doirasida qator uchrashuv va muloqotlar o'tkazdi. Jumladan, Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful bilan uchrashuvda O'zbekiston-Germaniya hamkorligining o'sib borayotgan dinamikasi qayd etildi. Savdo, investitsiyalar, "yashil" energetika, kasbiy ta'lim va o'zaro bog'liqlik sohalaridagi hamkorlik muhokama qilindi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar hamda bo'lajak tadbirlar kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.
Gruziya tashqi ishlar vaziri Maka Bochorishvili bilan samarali uchrashuv o'tkazildi. Mamlakatlar o'rtasidagi iliq va do'stona munosabatlar tasdiqlandi. Siyosiy, iqtisodiy, madaniy va mintaqaviy yo'nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, global jarayonlar yuzasidan fikr almashildi va mintaqada barqarorlik, muloqot va hamkorlikni mustahkamlash zarurati qayd etildi.
Vazir "Markaziy Osiyo - Shimoliy Yevropa" yangi formatidagi ilk uchrashuvda ham ishtirok etdi. Ushbu muloqot joriy yil Samarqandda bo'lib o'tgan va hamkorlikni strategik sheriklik darajasiga ko'targan "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" sammiti natijalarining mantiqiy davomi sifatida tashkil etildi.
Har ikki mintaqaning o'zaro hamkorlikni chuqurlashtirish uchun ulkan, hali to'liq ishga solinmagan salohiyatga ega ekanligi ta'kidlandi. Hamkorlikni kengaytirish va uni aniq, istiqbolga yo'naltirilgan tashabbuslar bilan boyitish zarurligi qayd etildi.
YXHT Vazirlar kengashining 32-yig'ilishi ikki tomonlama masalalardan tortib, mintaqaviy va global jarayonlargacha bo'lgan mavzularda fikr almashish uchun samarali maydon bo'ldi.
Muhokamalar, ayniqsa, global keskinlik va geosiyosiy bo'linish kuchayib borayotgan bir paytda, ochiq muloqot yo'llarini saqlab qolish zarurligini ko'rsatdi. Hamkorlar bilan samarali fikr almashish natijasida yondashuvlarni taqqoslash, ustuvor yo'nalishlarni kelishish va xavfsizlik, o'zaro bog'liqlik, barqaror rivojlanish kabi sohalarda yangi istiqbollar o'rganildi.