05/09/2026 | Press release | Distributed by Public on 05/09/2026 06:09
Yurtimizda 9-may - Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g'alabaning 81-yilligi keng nishonlanmoqda.
Bu sana xalqimizning tinchlik, qadr-qimmat va inson xotirasiga bo'lgan yuksak ehtiromini o'zida mujassam etgan bo'lib, urush yillarida jasorat va matonat ko'rsatgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish, faxriylarni eʼzozlash va ularning beqiyos xizmatlarini qadrlashga xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan, bugun O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi jamoasi hamda mamlakatimizda akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik korpus vakillari poytaxtimizdagi G'alaba bog'iga tashrif buyurdilar.
Tadbir doirasida ishtirokchilar "Matonat madhiyasi" yodgorligi poyiga gulchambar qo'yib, Ikkinchi jahon urushida halok bo'lgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
Marosim davomida urush va mehnat fronti qatnashchilarining jasorati, xalqimizning fidokorona mehnati hamda tinchlik va barqarorlikning bebaho neʼmat ekani alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va xodimlari Mustaqillik maydonidagi "Motamsaro ona" monumenti poyiga ham gulchambar qo'ydilar.
Mazkur tadbirlar xalqimiz xotirasida muhrlangan qahramonlik va matonat namunasini yod etish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat va tinchlikni asrash ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.