04/19/2026 | Press release | Archived content
18-19-aprel kunlari Antaliya diplomatik forumi doirasida O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Turkiya Respublikasining Antaliya shahriga tashrif buyurdi.
Tashrif dasturidan forumning yalpi va panel sessiyalarida ishtirok etish, qator ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazish hamda xalqaro hamkorlar bilan dolzarb mintaqaviy va global masalalar yuzasidan fikr almashish o'rin oldi. Mazkur tashrif xalqaro maydonda o'zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash va yangi hamkorlik yo'nalishlarini belgilashga xizmat qildi.
Tashrif doirasida TIV rahbari Iordaniya Bosh vazir oʻrinbosari, tashqi ishlar va ekspatriatlar masalalari boʻyicha vaziri Ayman Safadi bilan uchrashuv o'tkazdi. Muloqot ikki tomonlama munosabatlarga yangi surʼat bagʻishlash, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, turizmni rivojlantirish va qoʻshma tadbirlarni muhokama qilishga qaratildi.
Litva Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budris bilan uchrashuvda siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, biznes aloqalarni rivojlantirish, transport sohasida hamkorlik va investitsiya forumlari masalalari muhokama qilindi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga bilan uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko'rib chiqildi.
Antaliya shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining norasmiy yig'ilishida transport, energetika, "yashil" transformatsiya, raqamlashtirish va innovatsiyalar, shuningdek "TDT plyus" formatidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan uchrashuvda strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish, savdo, transport-logistika, energetika va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari ko'rib chiqildi.
Bangladesh Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Halilur Rahmon bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy va ko'p tomonlama platformalarda aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o'rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan uchrashuvda do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, savdo aylanmasi va hududlararo hamkorlik masalalari ko'rib chiqildi.
Ruanda Oʻzbekiston bilan diplomatik aloqalar oʻrnatgan 167-davlatga aylandi. Ruanda tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Olivye Nduhungirehe bilan birgalikda diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisidagi Qoʻshma kommyunike hamda ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjatlar mamlakatimizning Afrika davlatlari bilan hamkorligini kengaytirish yoʻlidagi muhim qadami boʻldi.
Shuningdek, Antaliya diplomatik forumi doirasida ko'plab ikki va ko'p tomonlama uchrashuvlar o'tkazildi, iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalar, transport-logistika, "yashil" taraqqiyot va raqamli transformatsiya masalalari muhokama qilindi.